Hamkorlikda uslubiy seminar tashkil etildi

Ovozlar reytingi:  / 0
SayozZo'r 
Ko'rishlar soni: 365

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Shahrisabz filiali va Qarshi Davlat universiteti hamkorligida “Hududimiz olimalari, erishilgan yutuqlar va natijalar” mavzusida uslubiy seminar tashkil etildi.

Unda Pedagogika fakulteti dekani p.f.n.Shahlo Nurullayeva, Informatika o‘qitish metodikasi kafedrasi v.b.dotsenti Nodira Begmatova, TATU Qarshi filiali Axborot ta’lim texnologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi D.Ilmuradovalar ishtirok etishdi. Seminarni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Shahrisabz filiali direktori, fizika-matematika fanlari nomzodi A.G‘aniyev kirish so‘zi bilan ochdi. So‘ngra filialning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, dotsent Umida Marasulova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” farmoni ijrosi, hududimiz olima ayollari, seminar ishtirokchilarining ilmiy-pedagogik faoliyati haqida ma’lumot berdi.

“Maktabgacha ta’limda multimedia ilovalaridan foydalanish afzalliklari” mavzusida Informatika o‘qitish metodikasi kafedrasi v.b.dotsenti Nodira Begmatova so‘zga chiqib, maktabgacha ta’lim uchun mo‘ljallangan multimediali didaktik vositalardan foydalanish afzalliklari, tarbiyalanuvchilarda ilk boshlang‘ich kompyuter savodxonligini shaklantirish imkoniyatlari, kompyuterni o‘yin vositasida emas, ta’lim berish vositasi sifatida foydalanish yo‘llari haqida ma’lumot berdi. Shu bilan birgalikda olimalik va oilaviy baxtni birga olib borish yo‘llari, qaynota-qaynonani e’zozlash va qadrlash, talabalik davrini sermazmun o‘tkazish yo‘llari haqida uslubiy tavsiyalar berdi.

Seminar davomida Pedagogika fakulteti dekani p.f.n.Shahlo Nurullayeva “Boshlang‘ich ta’limda zamonaviylik” mavzusida ma’ruza qildi. Boshlang‘ich ta’limni rivojlantirish borasida olima ayollarning, jumladan, pedagogik fanlari nomzodi, prof. T.G‘afforovaning boshlang‘ich ta’limni rivojlantirish borasida qo‘shgan hissasi, yozgan darsliklari, boshlang‘ich ta’limda innovatsion texnologiyalarni va interfaol metodlarni qo‘llash imkoniyatlari haqida to‘xtaldi. “Zamonaviy elektron ta’lim resurslarini tayyorlash metodikasi” mavzusida TATU Qarshi filiali Axborot ta’lim texnologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi D.Ilmuradova chiqish qilib, elektron ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlari va afzalliklari haqida aytib o‘tdi. Ma’ruza taqdimot materiallari asosida namoyish etildi.

Seminar yakunida talabalar mazkur seminar talabalik va hayotiy faoliyatlari uchun ma’naviy manba bo‘lganligini ifodalab, katta minnatdorchilik bildirdilar.

Нравится